Специальные возможности
OilyTheme

Samarqandda Turkiy dunyo tibbiyot kongressi boʻlib oʻtdi

Joriy yil 16-17 avgust sanalarida Samarqand shahrida Turkiy dunyo tibbiyot kongressi boʻlib oʻtdi. Unda Turkiy davlatlar tashkilotiga aʼzo mamlakatlar sogʻliqni saqlash vazirlari bilan birga Tatariston sogʻliqni saqlash vaziri ham ishtirok etdi.

Tadbirdan koʻzlangan maqsad turkiy xalqlar tabobatining noyob merosi, boy tajribasi va tarixiy anʼanalarini oʻrganish barobarida, zamonaviy va innovatsion tibbiyot yutuqlaridan birgalikda foydalanish hamda ularni keng ommalashtirishga qaratilgandir.

Kongressda Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov, Turkiy davlatlar tashkiloti Bosh kotibi Kubanichbek Omuraliyev, Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov soʻzga chiqib, anjuman qatnashchilarini tabrikladi.

Anjumanda Ozarbayjon sogʻliqni saqlash vaziri Teymur Musayev soʻzga chiqib, Turkiy davlatlar sogʻliqni saqlash vazirlarining navbatdagi yigʻilishini 2023-yil Turkiy dunyo madaniy poytaxti deb eʼlon qilingan Shusha shahrida oʻtkazishni taklif qildi.

Shuningdek, tadbirda Qozogʻiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziri Ajar Giniyat, Qirgʻiz Respublikasi sogʻliqni saqlash vazirining birinchi oʻrinbosari Tilek Mamadaliyev hamda Tatariston Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziri Marsel Minnullin soʻzga chiqib, hamkorlik istiqbollari haqida oʻz fikrlarini bildirdi.

Tadbir davomida Turkiy davlatlar tashkiloti Bosh kotibi hamda Kongressda ishtirok etgan barcha vazirlar “Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash aʼlochisi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi.

Dastur kun tartibidan oʻrin olgan nufuzli tadbir Oʻzbekiston-Turkiya tibbiyot forumi boʻldi. Unda har ikki mamlakat sogʻliqni saqlash vazirlari, tizim masʼullari, tibbiyot oliy oʻquv yurtlari, yetakchi davolash-profilaktika muassasalari, xususiy klinikalar, farmatsevtika kompaniyalari rahbarlari, soha mutaxassislari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Forumni Oʻzbekiston sogʻliqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov hamda Turkiya sogʻliqni saqlash vaziri Fahrettin Koja kirish soʻzi bilan ochdi. Qayd etilganidek, mamlakatlarimiz oʻrtasidagi aloqalar oʻzaro qardoshlik va ishonch ruhiga asoslangan. Ikki davlat rahbarining birgalikdagi siyosiy irodasi va saʼy-harakatlari bilan keyingi yillarda oʻzaro munosabatlar butunlay yangi bosqichga koʻtarilgani eʼtirof etildi.

Yakunda ikki davlat tibbiyot muassasalari, sohaga ixtisoslashgan oliy oʻquv yurtlari va ularning klinikalari, xususiy sektor korxonalari va farmatsevtika kompaniyalari oʻrtasida oʻzaro manfaatli kelishuvlarga erishilib, memorandum hamda hamkorlik shartnomalari imzolandi.

Полезные ссылки