Специальные возможности

Yangiliklar

OilyTheme

Xalqaro sog‘liqni saqlash forumi yakunlari haqida

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan joriy yil 26-27 may kunlari Samarqand shahrida o‘tkazilgan mazkur nufuzli anjumanda vazirlik mas’ullari, respublikamizdagi ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari, tibbiy oliy ta’lim muassasalari va hududiy tibbiyot maskanlari vakillari, shuningdek Germaniyaning yetuk olimlari va ekspertlari, nufuzli tibbiyot markazlari, yirik farmasevtik korxonalar rahbarlari hamda investorlar oflayn va onlayn tarzda ishtirok etdi.

“Buyuk ipak yo‘li” xalqaro turizm majmuasidagi Kongress markazida bo’lib o‘tgan bu forumni O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov kirish so‘zi bilan ochar ekan, barcha yig‘ilganlarni nufuzli tadbirdagi ishtiroki bilan qutladi.

Shuningdek, anjumanda Germaniyaning mamlakatimizdagi Favqulodda va Muxtor elchisi Tilo Klinner, O‘zbekistonning Germaniyadagi Favqulodda va Muxtor elchisi Nabijon Qosimov, “Koch Avitsenna” nemis-o‘zbek tibbiyot jamiyati raisi Xelmut Xan, Germaniya taraqqiyot bankining mintaqaviy vakolatxonasi direktori Andreas Shnayder, Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyatining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Yoaxim Fritslar ham tibbiyot yo‘nalishi bo‘yicha ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollari haqida o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.

Ikki kun davom etgan tadbirda mamlakatlararo tibbiy hamkorlikni kengaytirish, sohani raqamlashtirish, tibbiy turizmni rivojlantirish, investisiya loyihalari qamrovini kengaytirish, tibbiy ta’limda qo‘shma dasturlar amalga oshirish muhokama etildi hamda xalq tabobati yo‘nalishiga doir qator masalalarga ham e’tibor qaratildi.

Anjumanda mamlakatimizdagi qulay infratuzilma va zarur sharoitlarning mavjudligi, investorlarning huquqlari qonun bilan mustahkamlangani, chet ellik sarmoyadorlarning davlatimizga bo‘lgan qiziqishi yildan yilga ortib borayotgani investisiyalar hajmining oshishiga xizmat qilayotgani alohida ta’kidlandi.

Anjuman doirasida 20 ga yaqin germaniyalik mutaxassislar O‘zbekistonda tibbiy ta’lim, shifokorlar malakasini oshirish hamda ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun “O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash a’lochisi” ko‘krak nishoni, tibbiyot oliy o‘quv yurtlarimiz “Faxriy professori” unvoni hamda tashakkurnomalar bilan taqdirlandi.

Forum yakunida germaniyalik hamkorlar bilan umumiy qiymati 100 million dollardan ortiq 70 dan ziyod kelishuv va memorandumlar imzolandi.

Полезные ссылки