Специальные возможности

Yangiliklar

OilyTheme

O’zbekiston-Rossiya xalqaro tibbiyot forumi

Samarqand shahrida O‘zbekiston-Rossiya xalqaro tibbiyot forumi bo‘lib o‘tdi. Ushbu nufuzli anjuman ishida O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi sog‘liqni saqlash vazirlari Amrillo Inoyatov va Mixail Murashko, diplomatik korpus vakillari, yetakchi oliy tibbiyot ta’lim muassasalari rektorlari va professor-o‘qituvchilari, nufuzli tibbiyot klinikalari, ilmiy-tadqiqot institutlari, ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari, yirik farmatsevtika va ikki davlatning tibbiyot kompaniyalari - jami 500 dan ortiq kishi qatnashdi. Shuningdek, forumda “RIAGIATM” davlat muassasasi vakillari va Markazning xorijiy hamkorlari 7 nafardan ortiq mutaxassislardan iborat tarkibda qatnashdi.

 


 

Tadbirda ikki davlat sog‘liqni saqlash vazirlari barcha ishtirokchilarni forum ishida qatnashganligi bilan qutladi.

Ta’kidlash joizki, ikki davlat o‘rtasidagi tibbiyot hamkorligi doirasida tibbiy ta’limni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Hozirgi kunda mamlakatimiz oliy tibbiyot ta’lim muassasalari Rossiyaning 24 ta tibbiyot oliy o‘quv yurtlari bilan birgalikda qo‘shma ta’lim dasturlari asosida 12 ta bakalavriat, 10 ta magistratura va 11 ta klinik ordinatura yo‘nalishlari bo‘yicha kadrlar tayyorlamoqda. Bugungi kunga qadar Rossiya Federatsiyasining tibbiyot oliy o‘quv yurtlarida bakalavriat yo‘nalishi bo‘yicha qo‘shma ta’lim dasturlari bo‘yicha 3200 ga yaqin talaba, magistratura yo‘nalishi bo‘yicha 170 nafar, klinik ordinaturada esa 250 nafar O’zbekistonlik talaba tahsil olmoqda.

Toshkentda N. I. Pirogov nomidagi Rossiya milliy tadqiqot tibbiyot universiteti filiali faoliyat yuritayotgan bo’lsa, Jizzaxda esa Qozon federal universiteti filiali o’z ishini muvaffaqiyatli davom ettirmoqda.

Shuning bilan birga Rossiya Federatsiyasining qator o’quv yurtlarida milliy kadrlarimiz uchun muntazam ravishda malaka oshirish o’quvlari tashkil etilmoqda.

Tibbiyot oliy ta’lim muassasalari bilan bir qatorda O‘zbekistonning respublika darajasidagi ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari bilan Rossiya tibbiyot klinikalari va assotsiatsiyalari o‘rtasida hamkorlik bo‘yicha 150 ga yaqin shartnomalar tuzilgan.

Forumda tibbiyot sohasini raqamlashtirish, kadrlar tayyorlash dasturlari, tibbiyot xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, hamkorlikda neyroxirurgiya, pediatriya, jarrohlik, kardiologiya, onkologiya yo’nalishlarida ilmiy-amaliy anjumanlar va mahorat saboqlarini o‘tkazish, ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish, tibbiyot sohasida o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari atroflicha muhokama etildi.

 Kunning ikkinchi yarmida birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini modernizatsiya qilish, tibbiy ta’limni takomillashtirish va yuqori malakali tibbiyot kadrlarini tayyorlash, sog‘liqni saqlash tizimini raqamlashtirish va sohaga yangi texnologiyalarni joriy etish, ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam va tibbiyot sohasida innovatsiyalarni rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan seksiya yig‘ilishlari bo‘lib o‘tdi.

Forum doirasida qoʻshma taʼlim dasturlarini ishlab chiqish, Rossiya tibbiyot oliy oʻquv yurtlarining Oʻzbekistonda filiallarini tashkil etish, sogʻliqni saqlash sohasiga sarmoya jalb etish, hamkorlikning yangi shakllarini joriy etishga qaratilgan 172 memorandum imzolandi. Shuningdek, ikki davlatning tibbiyot oliy o‘quv yurtlari, respublika ixtisoslashtirilgan markazlari, tibbiyot muassasalari, klinikalari, uyushmalari va kompaniyalari o‘rtasida hamkorlik bo‘yicha qator shartnomalar imzolandi.

Bundan tashqari, tomonlar ikki tomonlama hamkorlikni chuqurlashtirish va rivojlantirish bo‘yicha rezolyutsiyani imzoladilar.

Forumda O‘zbekistonda tibbiy ta’limni rivojlantirish, shifokorlarimiz malakasini oshirish va ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlashga qo‘shgan hissasi uchun Rossiyaning qator tibbiyot oliy o‘quv yurtlari, ilmiy-tadqiqot institutlari va ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari rahbarlari hamda xodimlariga “O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash a’lochisi” ko‘krak nishonlari topshirildi.

Shuningdek, bir guruh rossiyalik mutaxassislarga O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalarining tashakkurnomalari va “Faxriy professor” unvoni topshirildi.

Полезные ссылки